Skip to Main Navigation
FEATURE STORY

500 ming o‘zbekistonlik yaxshilangan suv ta‘minoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi

  • Oʻzbekistonda asosan Sovet davrida qurilgan suv taʻminoti va kanalizatsiya (STK) infratuzilmasi koʻp jihatdan yaroqsiz boʻlib qolgan va keng koʻlamli taʻmirlashni talab qiladi. 20 yildan koʻproq vaqt avval mahalliy aholining toza ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hukumatning asosiy ustuvor vazifalaridan biriga aylandi.
  • Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan “Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish” loyihasi Zarafshon daryosi havzasida atrof-muhitning oqova suvlar bilan ifloslanishini kamaytirishga qaratilgan.
  • Qiymati 133 million AQSH dollari boʻlgan ushbu loyiha STK sektorini isloh qilish va tegishli infratuzilmani modernizatsiya qilishga hissa qoʻshdi. 2021-yilda yakunlangan ushbu loyiha 500 mingdan ortiq oʻzbekistonliklarni yaxshilangan suv taʻminoti va kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyati bilan taʻminladi.

Zarafshon daryosining ahamiyati

Oʻzbekistonning Zarafshon daryosi fors tilida “oltin sochuvchi” nomi bilan tanilgan boʻlib, daryoning yuqori oqimida oltinli qumlar mavjudligiga ishora qiladi. Ammo qimmatbaho metalldan tashqari, bu “oltin daryo” boshqa yoʻllar bilan ham odamlarga boylik keltiradi.

Iqlimi yarim qurgʻoqchil, dengizga chiqish imkoniyati yoʻq boʻlgan Oʻzbekistonda vodiy va vohalarda jamlangan qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorishda Zarafshon daryosining ahamiyati katta. Bu omillar uni mamlakatning muhim suv manbalaridan biriga aylantiradi.

Bundan tashqari, ikki yarim ming yildan ortiq vaqt davomida Zarafshon havzasi Markaziy Osiyoni kesib oʻtuvchi Buyuk ipak yoʻlidagi eng muhim joylardan biri boʻlib, mintaqa uchun katta iqtisodiy va madaniy ahamiyatga ega boʻlgan.

Ammo hozirgi davrda Zarafshon havzasi koʻproq yomon tomondan nom chiqara boshladi. Keng tarqalgan bakterial va kimyoviy ifloslanish daryoni mamlakatning eng ifloslangan havzalaridan biriga aylantirdi. Buning oqibatlari ekotizimlar, qishloq xoʻjaligi va inson salomatligiga tahdid solib, iqtisodiyotga salbiy taʻsir koʻrsatmoqda.

“Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish”  loyihasi

2010-yilda boshlangan va 2021-yil 30-noyabrda yakunlangan “Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish” loyihasi mamlakatning ikki yirik shahri - Buxoro va Samarqandda oqova suvlarni samarali tozalash mexanizmlarini rivojlantirish orqali Zarafshon havzasidagi asosiy ekologik muammolardan birini hal qilishga qaratilgan.

Loyiha byudjeti 133 million AQSH dollarini tashkil etdi. Uni amalga oshirish doirasida kanalizatsiya xizmatlari qamrovini kengaytirish, shuningdek, tegishli kommunal korxonalarning samaradorligi va barqarorligini oshirish koʻzda tutilgan. Natijada Oʻzbekistonning 500 mingdan ortiq aholisi yaxshilangan STK xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi.

Loyihaning yakunlanishi 1997-yildan buyon STK sohasini rivojlantirish, tegishli xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va sifatini oshirishga koʻmaklashib kelayotgan Jahon bankining Oʻzbekistondagi faoliyatida muhim bosqich boʻldi.

Oʻzbekistonda suv taʻminoti va kanalizatsiya sohasining zamonaviy tarixi

1991-yilda mustaqillikka erishgandan soʻng, hukumat haddan tashqari markazlashtirilgan uy-joy kommunal xizmatlarini isloh qilish dasturini ishga tushirdi. 1996-yilda suv taʻminoti va kanalizatsiya uchun javobgarlik mahalliy hokimiyatlarga oʻtkazildi, ularga ushbu xizmatlarni koʻrsatish uchun masʻul boʻlgan STK korxonalari  ham boʻysundirildi. Biroq, sektor institutsional jihatdan zaif boʻlib qolaverdi, bu uni rivojlantirish uchun zarur resurslarning yetishmasligi va turli darajadagi vakolatlarning tarqoqligi bilan murakkablashdi.

The World Bank
Oʻzbekistonning Samarqand shahridagi suv tozalash inshooti. Foto: Jahon banki.

Bundan tashqari, Oʻzbekistonning SSSR tarkibida boʻlgan davrida qurilgan STK infratuzilmasi oʻzining foydali xizmat muddatini deyarli tugatgan, energiya sarfi yuqori, eskirgan va keng koʻlamli modernizatsiyani talab qilar edi. 2008-yilga kelib aholining 73 foizi markazlashgan ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻlsada, ularning atigi 58 foizi sifatli ichimlik suvi bilan taʻminlangan edi. Kanalizatsiya xizmatlari yanada kam rivojlangan, mavjud boʻlgan joylarda esa qoniqarsiz ahvolda edi.

Suv tozalash inshootlari ham ancha eskirgan yoki umuman ishlamas edi, bu esa yer usti suvlarining, jumladan, Zarafshon daryosining ifloslanishiga olib kelardi. Yirik shaharlardan tashqarida suv taʻminotining 30 foizgacha qismi milliy sifat standartlariga javob bermas edi. Sogʻliqni saqlash vazirligi maʻlumotlariga koʻra, 2003-yilda suv resurslarini samarasiz boshqarish natijasida kelib chiqqan eng keng tarqalgan yuqumli kasalliklar ichida qorin tifi, dizenteriya va lyamblioz boʻlgan.

Ayniqsa aholi ijtimoiy-iqtisodiy umidlarining va takomillashtirilgan davlat xizmatlariga boʻlgan talabning oshishiga hissa qoʻshgan iqtisodiy oʻsish fonida STK xizmatlaridan notekis foydalanish va ularning past sifati, iqtisodiy xarajatlardan tashqari, ijtimoiy keskinlik va jamoatchilik noroziligiga olib keldi. “Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish” loyihasi tayyorlanayotgan paytda mamlakatda STK sektori uchun masʻul boʻlgan alohida vazirlik mavjud emas edi.

STK infratuzilmasini rivojlantirish bilan “Oʻzkommunxizmat” agentligi shugʻullangan, biroq uning faoliyati strategik rejalashtirish va sohani isloh qilishga emas, balki investitsiya dasturlariga qaratilgan edi. Shu bilan birga, STK korxonalari tajribaning yetishmasligi hamda isteʻmolchilar ehtiyojlariga sust eʻtibor qaratish tufayli past samaradorlikdan aziyat chekar edi.

Shu nuqtai nazardan, STK tizimining qoniqarsiz ishlashi bilan bogʻliq salbiy ekologik oqibatlarni yumshatish uchun nafaqat oqova suvlarni yigʻish va tozalashni yaxshilash, balki kommunal korxonalarning aholiga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq muammolarini hal qilish zarur edi. Biroq, bu institutsional oʻsishni talab qildi va mamlakatning bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich oʻtishi fonida sodir boʻldi.

Zarafshon daryosining qayta yuksalishi

“Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish boshlangunga qadar oqova suvlar tozalanmasdan Zarafshonga chiqarib yuborilar edi. Ammo bugungi kunda ushbu shaharlardagi suv tozalash inshootlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish natijasida oqova suvlar daryoga tushishidan oldin milliy standartlarga munosib ravishda tozalanmoqda.

Loyihani amalga oshirishning dastlabki bosqichida Samarqanddagi suv tozalash inshootlari eskirgan holatda boʻlib, oqib kelayotgan oqova suvlarning katta qismini tozalay olmagan. Buxorodagi suv tozalash inshooti mutlaqo yaroqsiz edi. Modernizatsiya ishlari yakunlangach, mazkur stansiyalarning quvvati Samarqandda 145 ming m3/sutka, Buxoroda 50 ming m3/sutkaga yetkazildi.

Bundan tashqari, oqova suvlarni tozalash jarayonlariga yangi texnologiyalarni joriy etish energiya samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi, bu esa ushbu obyektlarni butun mamlakat boʻylab energiya sarfi yuqori boʻlgan iqtisodiy oʻsish modeli barqaror emas deb topilgan shunga oʻxshash boshqa stansiyalar uchun namunaga aylantirdi.

Kommunal xizmat koʻrsatish korxonalarining moliyaviy va operatsion barqarorligi ham salmoqli darajada yaxshilandi.

Loyiha doirasida 40 mingta yangi xonadon kanalizatsiya tizimiga ulandi, buning uchun 84 km eski kanalizatsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va 144 km yangi kanalizatsiya tarmoqlari qurildi. Bundan tashqari, Buxoro va Samarqand shaharlaridagi 22 ta nasos stansiyalari toʻliq yangilanib, ularning joriy va kelgusi yuklamalarga tayyorligini taʻminlash imkonini berdi.

Qiyinchiliklarga qaramay, ikkala shahardagi STK korxonalari boshqaruv salohiyatlarini rivojlantirish, imkoniyatlarni kengaytirish va koʻproq mintaqaviy mustaqillik tufayli oʻzlarining operatsion va moliyaviy koʻrsatkichlarini yaxshiladilar. Shu bilan birga, isteʻmolchilarning STK xizmatlaridan qoniqishi sezilarli darajada oshdi. Buxoroda mobil ilovadan foydalangan holda oʻtkazilgan tajriba-sinov soʻrovnomasi ijobiy natijalarni koʻrsatdi: 94 foiz respondent 2021-yilda ularga koʻrsatilgan tegishli xizmatlar sifati yaxshilanganini taʻkidladi.

“Buxoro va Samarqand shaharlari suv tozalash tizimlarini rivojlantirish” loyihasi Zarafshon havzasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashda muhim qadam boʻldi. Qayta tiklanadigan suv resurslarining 90 foizdan ortigʻi ishlatiladigan Oʻzbekiston iqtisodiyotining yuqori suv sarfi sharoitida saqlanib qolayotgan muammolarga qaramay, loyiha natijalari suv taʻminoti va kanalizatsiya sohasini barqaror rivojlantirish uchun uzoq muddatli qoʻllab-quvvatlash zarurligini tasdiqladi.

Blogs

WHAT'S NEW

    loader image